13-noyabr kuni Portugaliya politsiyasi korrupsiya, jinoiy daromadlarni legallashtirish va ishlatib yuborishda gumon qilingan 11 nafar mansabdor shaxsni hibsga oldi. Bu haqda “Yevropeyskaya pravda” xabar bermoqda.
Barcha ayblovlar o‘ziga to‘q xorijiy sarmoyadorlarga “oltin viza” berish bilan bog‘liq, deyiladi Expresso xabarida.Ma’lumot uchun, “oltin viza” Portugaliya hukumati tomonidan 2012-yil yakunida qarz inqirozi vaqtida tuzilgan dastur bo‘lib, u Yevropa Ittifoqi fuqarolari bo‘lmagan, ko‘chmas mulkka sarmoya kiritgan shaxslarga vaqtinchalik yashashga ruxsat berishni ko‘zda tutadi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining qayd etishicha, tergov harakatlari bir necha oydan beri davom etmoqda. Mamlakatning turli qismlarida olib borilayotgan operatsiyaga 200 ga yaqin kishi jalb qilingan.
Ma’lum qilinishicha, hibsga olinganlar orasida Adliya vazirligining Bosh kotibi Mariya Antoniya Anes, Ro‘yxatdan o‘tish va notariat masalalari bo‘yicha institut prezidenti Antonio Figeyredo ham bor. Operatsiya davomida, shuningdek, Muhojirlik va chegara nazorati xizmati direktori Manuel Jarmel Palos ham qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura boshqa shaxslar ham hibsga olingani, shuningdek, mamlakatning turli qismlarida 60 ga yaqin kishiga qidiruv e’lon qilinganini tasdiqladi.
Izoh (0)