Turkiyaning Istanbul shahrida o‘nga yaqin kishi uch nafar amerikalik askar ustiga bo‘yoq sepib, ularga plastik paketlarni kiydirishga harakat qildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Voqea 12-noyabr kuni Istanbulning Eminenyu nomli turistik mavzesida sodir bo‘lgan. NATO yig‘inlaridan keyin Istanbul portiga kirgan USS ROSS harbiy kemasidan askarlar fuqarolik kiyimida tushgan. Turkiya yoshlar assotsiatsiyasi bayrog‘ini ko‘targan tajovuzkor kayfiyatdagi yigitlar askarlarga hujum qilib, ularni qotillar deb atagan va mamlakatdan tezroq chiqib ketishni talab qilgan. Askarlar qochib qutulishga va kemaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Hech kimga zarar yetmagan.
AQShning Anqaradagi elchixonasi hodisani keskin tanqid qilib, namoyishchilarning ushbu qilmishlarini turklarning ko‘pchiligi yoqlamasligini ma’lum qilgan. Pentagon matbuot kotibi Stiv Uorren esa bu voqea Turkiyaning mehmondo‘st davlat maqomiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan. Politsiya jami 12 kishini, jumladan 1 ayolni hibsga olgan.
Izoh (0)