So‘nggi yillarda quritilgan “Baxt” sun’iy ko‘li o‘rnida ulkan dam olish majmuasi quriladi. Bu haqda Toshkent shahar Bektemir tumani hokimi Sarvar Maxametovga asoslanib Podrobno.uz xabar berdi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil davomida suv manbasi achinarli ahvolda bo‘lgan. Oxirgi ikki yilda esa sanitar-gigiyenik holat yomonlashgani sababli ko‘lni quritishga to‘g‘ri kelgan. Biroq keyingi cho‘milish mavsumigacha vaziyat o‘garishi aytilgan.
Maxametovning ma’lum qilishicha, ko‘l o‘rnida tashkil qilinadigan suvdagi dam olish maskani loyihasini ishlab chiqarish oxirgi bosqichga kelgan. Tez orada loyiha shahar hokimiyatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihani moliyalashtirish uchun sarmoyadorlar ham izlanmoqda.
Ulkan majmua tarkibida bolalar maydonchalari, yemakxonalar, basseynlar, cho‘milish uchun sun’iy ko‘llar, hatto baliqchilik uchun alohida suv havzasi va kichikroq akvapark bo‘lishi ko‘zda tutilgan.