Yaqinda ish boshlagan mas’uliyati cheklangan jamiyatga rahbar bo‘lgan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Miraziz (ismlar o‘zgartirilgan) tovar olib beraman deya o‘rtada vositachilik qilib, birovlardan katta miqdorda pul olar, keyin Alining to‘nini Valiga kiygizib suvdan quruq chiqib yurar ekan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi.
O‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga ega To‘lqin poytaxtdan chekkaroqda sotib olgan yerida uy qurish maqsadida kerakli qurilish materiallarini xarid qilishga kirishdi. Sementni qayerdan sotib olishni o‘ylab yurganida tanishi, tovar xomashyo birjasida ishlovchi Mahmud joniga oro kirdi. Faqat buning uchun sement to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning o‘ziga emas, qandaydir bir firmaga o‘tkazilishi kerak ekan.
Shu bois Mahmud To‘lqinga odamlarga vositachilik qiluvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatni topib berdi. Jamiyat rahbari Miraziz bu taklifga bajonidil rozi bo‘ldi. Faqat To‘lqin mazkur MChJning hisob raqamiga oldindan belgilangan miqdordagi summani o‘tkazishi lozim edi. U bu shartga ko‘nib, 210 tonna sement uchun 62 million so‘m naqd pulni Mahmud orqali Mirazizga topshirdi. Miraziz bu pulni tovar xomashyo birjasiga topshirishi, shunga ko‘ra 210 tonna sement olinishi lozim edi.
Biroq oradan 1-2 oy o‘tsa-da To‘lqin zarur mahsulotni ololmadi. Mahmudga qo‘ng‘iroq qilsa, u Miraziz tegishli mablag‘ni o‘tkazmayotganini aytib, sement pul o‘tkazilganidagina berilishini ma’lum qildi. Miraziz esa pul o‘tkazishni ortga suraverib, oxiri ko‘rinmay ketdi. To‘lqin oxiri ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdan boshqa chora topa olmadi.
Keyinroq aniqlanishicha, qallob fuqaro Keldiyorga tegishli 132 million so‘mlik to‘rtta havo purkovchi kompressorni o‘zi rahbarlik qilayotgan MChJ orqali sotib berishini va’da berib, uni ham chuv tushirgan. Miraziz kompressorlarni ikki tomonlama shartnoma orqali “O‘zelektrotarmoq” unitar korxonasiga sotadi. Tovar evaziga korxona birinchi to‘lov sifatida MChJga 100 million so‘m o‘tkazib beradi. Lekin Miraziz bu pulni boshqa tashkilot va korxonalarga har xil tez sotiluvchi mahsulotlar uchun o‘tkazib, o‘zlashtirib yubordi.
“Ishbilarmon broker” ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish jarayonida Miraziz muqaddam sudlangani bois uch yilgacha rahbarlik qilishi mumkin bo‘lmagani, MChJ ta’sischilaridan o‘zining sudlanganini yashirib kelgani aniqlandi.
Endi u barcha qilmishlari uchun qonun oldida javob berishga majbur, deyiladi nashrda.
Izoh (0)