O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 10-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Xalq siyosiy maslahat kengashi milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, millatlar ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Van Chjenvey rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Dilorom Toshmuhamedova muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, hurmat, tenglik va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotganini, bunda davlatlar rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlariga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini yanada mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal taraqqiy etmoqda, — dedi Van Chjenvey. — Mamlakatingizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda izchil rivojlanayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. Do‘stlik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan aloqalarimizni yanada mustahkamlash, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdorimiz”.
Xitoy delegatsiyasi a’zolari shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal madaniyat markazida ham muzokara o‘tkazdi.
Izoh (0)