Toshkentdagi “Turkiston” saroyida “Competizione dell’Opera” italyan operasi ijrochilari XIV xalqaro tanloviga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Fotih Jalolov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri direktori Baxtiyor Yoqubov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy san’atimizni yanada ravnaq toptirish, erishilgan yutuqlarni jahonda keng targ‘ib etish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Competizione dell’Opera” italyan operasi ijrochilari XIV xalqaro tanlovi 24−29-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Avstriyadagi “Competizione dell’Opera” xalqaro tanlov uyushmasi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur tanlovda Osiyo, Yevropa, Avstraliya, Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlarining dastlabki bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan yosh opera ijrochilari ishtirok etadi.
“Competizione dell'Opera” tanloviga 1996-yili Germaniyada asos solingan. Gamburg shahrining musiqa va teatr oliy maktabining o‘sha davrdagi prezidenti, professor German Raue “Cestelli” birinchi opera tanlovini tashkil etgan. Mazkur tanlov shunisi bilan e’tiborliki, unda ishtirokchilar qadimdan XX asrgacha bo‘lgan davrdagi opera asarlarini faqat italyan tilida ijro etadi. Tanlovda 20-30 yoshdagi opera ijrochilari qatnashishi mumkin. Ularning sahnadagi chiqishlarini dunyoning yirik opera teatri rahbarlari va mashhur opera ijrochilaridan iborat xalqaro hay’at a’zolari baholaydi.
Matbuot anjumanida ushbu xalqaro tanlovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida atroflicha ma’lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga batafsil javob qaytarildi.
Izoh (0)