Toshkentdagi Mirobod kompyuter texnologiyalari kollejida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzridagi Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi tomonidan tadbir uyushtirildi, deb xabar bermoqda UzReport.
Tadbir chog‘ida O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida SMS-turniket tizimi joriy qilinayotgani qayd etildi. Bunday tizim ilk marta 2012-yilda Mirobod kompyuter texnologiyalari kollejida joriy etilgan.
Tizim mohiyati shundan iboratki, muassasa o‘quvchilari, o‘qituvchilari va boshqa xodimlariga maxsus elektron karta beriladi; turniketdan o‘tish uchun shu karta maxsus tablo yoniga keltiriladi; kartadagi ma’lumot avtomatik ravishda o‘qilib, agar u ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa turniket ochiladi. Aks holda, turniket bloklanib turaveradi. O‘quvchi binoga kirib-chiqqanda, ota-onasiga uning kollejga kirgani yoki chiqqanini tasdiqlovchi SMS xabar jo‘natiladi.
Mirobod tumani Ichki ishlar bo‘lami voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektori Nigora Komilovaning so‘zlariga qaraganda, hokimiyatlar va mahalla qo‘mitalari bilan birgalikda ushbu tizimni Toshkent shahridagi boshqa o‘quv muassasalariga ham kiritish uchun tegishli ishlar olib borilmoqda.
Izoh (0)