“Bilayn” aloqa operatori tomonidan o‘tkazilayotgan aksiya doirasida oktabr oyida kvartira yutib olgan andijonliklar mojarosi ijobiy hal bo‘ldi, deb xabar bermoqda Xushnudbek.uz.
Ma’lum bo‘lishicha, “Bilayn” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Innovatsiya” global aksiyasi doirasida andijonliklarga kvartira yutug‘i chiqqan. Yutuq chiqqan raqam foydalanuvchining onasi, 2010-yilda vafot etgan Rohatoy opa nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lgan. Onasining vafotidan keyin oila ushbu raqamni onasidan xotira sifatida 4 yil davomida foydalanib kelgan. Biroq raqamni qayta rasmiylashtirmagan.
Yutuq chiqqandan so‘ng, ular “Bilayn” kompaniyasining Andijon viloyati bo‘yicha bosh ofisiga murojaat qilgan. Hududiy ofis vakillari dastlab yutuqni berishni, uni olish uchun qanday hujjatlar kerakligini aytgan. Ma’lum muddat o‘tgach esa, ular kvartirani bermaslikka haqqi borligini, ushbu masala faqat Toshkentdagi Bosh ofis orqaligina hal bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Toshkentdagi Bosh ofisga murojaat qilinganda, kvartirani bermaslikka uzil-kesil qaror qilinmagani, hozirda muhokama qilinayotgani, 14 kun ichida natijasi haqida xabar berilishi ma’lum qilingan.
Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyevning fikricha, bunday vaziyat O‘zbekistonda birinchi marta kuzatilayotgan bo‘lgani uchun umumiy qoidalar bo‘yicha hukm qilishga urinilsa, “Bilayn” kompaniyasi yutuqni bermaslikni istasa, bunga haqli ekanligi oydinlashadi.
Biroq “Bilayn” birgina bu holatning o‘zidan tashqari uning yirik kompaniya imijiga ta’sir qilishini ham o‘ylab qaror qilgan. 15-oktabr kuni kompaniyaning bosh ofisiga chaqirilgan andijonlik oila vakiliga turli rasmiylashtirish ishlaridan keyin, aksiya qoidalariga ko‘ra g‘olibga o‘zi doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududdan 2 xonali uy qiymatidagi pul mukofoti (g‘olib istagiga ko‘ra) − 99 million 773 ming 520 so‘m, 22 foizlik daromad solig‘i chiqarib tashlanganda 77 million 823 ming 345 so‘m topshirilgan.
Izoh (0)