O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan mamlakatdagi barcha temiryo‘l xodimlariga qutlov yo‘lladi. Tabrikning to‘liq matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
Islom Karimov o‘z tabrigida Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy — Uchquduq — Nukus — Sulton Uvaystog‘ va Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi uzoq istiqbolni ko‘zlagan holda, barqaror rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan strategik ahamiyatga ega ish ekanligini qayd etdi.
“Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik banki ishtirokida murakkab tabiiy va iqlim sharoitlarida barpo etilgan, dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda joylashgan tog‘ dovoni orqali o‘tadigan 223 kilometr uzunlikdagi Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘li mohiyat e’tibori bilan Markaziy Osiyoda o‘xshashi bo‘lmagan noyob inshoot hisoblanadi”, — deb ta’kidladi Davlat rahbari.
Hozirgi kunda Maroqand — Qarshi va Qarshi — Termiz temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish borasidagi ishlar ham jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda.
“Biz transport kommunikatsiya sohasidagi yana bir yirik inshoot, ya’ni, 19 kilometrlik temir yo‘l tonnelini o‘z ichiga oladigan Angren — Pop yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘ini xitoylik hamkorlarimiz bilan birgalikda barpo etishga katta istiqbolga ega bo‘lgan muhim loyiha sifatida qaramoqdamiz”, — deyiladi qutlovda.
Ushbu temir yo‘l tarmog‘ining 2016-yil iyul oyida ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini O‘zbekistonning markaziy qismi bilan ishonchli tarzda bog‘lashga imkon yaratadi, respublikaning butun hududi bo‘ylab yagona temir yo‘l transport tizimini shakllantirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazadi. U Xitoy — Markaziy Osiyo — Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh (0)