Joriy yil avvalida O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha qabul qilingan strategiyani izchil va aniq maqsadli amalga oshirish uchun mavjud zaxiralarni jalb etishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar yalpi ichki mahsulotning 8,1 foizga o‘sishi, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash imkonini berdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bu davlat byudjetining profitsiti (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz) va tashqi savdo aylanmasining 900 million dollardan ziyod ijobiy saldosida o‘z ifodasini topmoqda.
Texnologik jarayonlarni modernizatsiya qilish va yangilash, korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda real sektor korxonalarini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,4 foiz, iste’mol tovarlari 11,3, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,8, chakana savdo aylanmasi 14,2, pullik xizmat ko‘rsatish 11,1 va jami xizmatlar hajmi 14,7 foizga oshdi.
Muhim obyektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni jadallashtirish, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shu maqsadda xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini kengaytirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmini 10,7 foiz va pudrat qurilish ishlarini 18,9 foizga o‘sishini ta’minladi.
Bank tizimining resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar tijorat banklari umumiy kapitali 24,7 foiz, banklarning umumiy aktivlari 29,2, jalb qilingan depozitlarning 30,4 foizga ko‘payishini ta’minladi. Natijada O‘zbekiston bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,9 foizni tashkil qildi va bu xalqaro standartlarga nisbatan uch barobar yuqoridir.
Izoh (0)