Moskvaning “Vnukovo” aeroportida halokatga uchragan Falcon samolyoti ishi bo‘yicha beshinchi kishiga – samolyot bilan to‘qnashgan qor tozalovchi mashina haydovchisi Vladimir Martinenkoga ayblov qo‘yildi, deb xabar berdi “Interfaks”.
Hech qanday zarar ko‘rmagan qor tozalovchi mashina haydovchisi mast holatda bo‘lgani aniqlangan hamda u ikki sutkaga hibsga olingan edi. Haydovchining advokati esa gumondor surunkali yurak xastaligi bilan og‘rigani tufayli umuman spirtli ichimliklar iste’mol qilmasligini ma’lum qilgan. Lekin olib borilgan tekshiruvlar natijasida Martinenko qonida 0,6 ml alkogol aniqlangan. Shundan so‘ng uning o‘zi falokatdan biroz avval likyor qo‘shilgan kofe ichganini tan olgan.
“Men hech qayerga qochib ketmayman, tergovga yordam beraman. Bu falokatga aloqador ekanligimni sezyapman. Hozir menga juda ham og‘ir”, − degan edi Martinenko 23-oktabrdagi sud jarayonida. O‘shanda oilasi uni ozod qilish uchun 1 million rubl tovon to‘lashni taklif qilgan.
Martinenko bu ish bo‘yicha beshinchi ayblanuvchi hisoblanadi. Avvalroq stajyor dispetcher Svetlana Krivsun, Vnukovo aeroporti dispetcheri Aleksandr Kruglov, aeroportning aerodrom xizmati yetakchi muhandisi Vladimir Ledyenov hamda parvozlar rahbari Roman Dunayevga ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-bandi (harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzib, ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limini keltirib chiqarish)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi. Ularning barchasi 7 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Halokatdan so‘ng aeroport direktorlari kengashi Vnukovo aeroportining bosh direktori Andrey Dyakov hamda uning o‘rinbosari Sergey Solntsevni ishdan chetlatishga qaror qilgan.
Izoh (0)