Toshkent hayvonot bog‘i o‘zinig 90 yilligini nishonladi, deb xabar bermoqda Anhor.uz.
Toshkent hayvonot bog‘i 1924-yil oktabr oyi oxirlarida ochilgan edi. Unchalik katta bo‘lmagan 3 gektar maydonda 23 turdagi hayvonlar saqlangan.
Hayvonot bog‘i 1997-yilda shahar shovqinidan uzoqroq bo‘lgan Botanika bog‘i yoniga ko‘chirildi. Hayvonlar keng qafas, shinam va yopiq pavilyonlar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, tashrif buyurganlar yaxshi hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan joylar hamda ko‘l bor.
Bog‘da hayvonlarni saqlash uchun jahon standartlariga javob bera oladigan sharoitlar yaratilmoqda. Eski qafaslar ta’mirlanib, yangilari qurilyapti. Hozirgi vaqtda bog‘da hayvonlaring 373 turi vakillari mavjud. Shuningdek, dunyoning turli chekkalaridan keltirilgan dengiz hamda daryo baliqlari yashaydigan akvarium bor. Ko‘pgina noyob, kamyob va ekzotik hayvon turlari ko‘paytirilib, tarkibni kengaytirish uchun ularni boshqa hayvonlar bilan almashish imkoniyatini bermoqda.
Shu bilan birga hayvonot bog‘ida bir qator iqtisodiy va hayvonlarni qo‘riqlash bilan bog‘liq muammolar ham bor. Masalan, yaqindagina erkak fil yurak xurujidan nobud bo‘ldi, undan avval oshqozon-ichak kasalligi bilan og’rigan Tibet sigiri o‘lgan edi. Shunga o‘xshash sabablar bilan jayron, lama, tuya va tuyaqushlar ham nobud bo‘lgan. Bunga asosiy sabab tashrif buyurayotgan odamlarning madaniyatsizlik va beodoblik bilan qilayotgan xatti-harakatlaridir. Ular qafaslarga hayvonlar uchun zararli bo‘lgan ovqat, paket va idishlarni tashlaydi, hayvonlar esa ularni yeb qo‘yadi.
Izoh (0)