Angliyaning Manchester shahrida taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha G 4 toifasiga kiruvchi Gran-Pri turniri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Dunyoning ko‘plab davlatlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqada 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaldi. Bu esa o‘z navbatida musobaqa nufuzini yanada oshirish bilan birga har bir vazn toifasida kechgan bahslarni yanada murosasiz kechishini ta’minladi.
Ushbu Gran-Pri turnirida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Jasur Boyqo‘ziyev (+87 kg) finalga qadar kechgan bahslarni g‘alaba bilan yakunlab, kumush medal sovrindori bo‘ldi. Shu tariqa Jasur Boyqo‘ziyev Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun navbatdagi reyting ochkolarini ham qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Kim boshchiligida Manchesterga yo‘l olgan tarkibdan, shuningdek, Nikita Rafalovich (-80 kg), Maksim Rafalovich (-80 kg), Natalya Mamatova (+73 kg), Dmitriy Shokin (+87 kg), Umida Abdullayeva (+73 kg) o‘rin olgan.
Izoh (0)