Janubiy Koreyaning Sports Dong-a nashriga ko‘ra, Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi mamlakatda hakamlar saviyasini oshirish va 2018-yilgi Jahon chempionatida koreyalik hakamlarning ham ishtirok etishiga erishish uchun ulkan loyiha ishlab chiqmoqda. Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida Janubiy Koreyadan birorta ham hakam ishtirok etmagani tufayli endilikda futbol assotsiatsiyasi hakamlar tayyorlashga jiddiy kirishgan ko‘rinadi, deb xabar beradi Stadion.uz.
Yaqinlashayotgan Osiyo Kubogi — 2015 musobaqasiga koreyslar olti nafar hakamni yuborishi rejaga kiritilgan bo‘lib, Koreya OFK tomonidan yuqori baholanadigan olti hakamni 2018-yilgi JChga ham borishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqchi.
Sports Dong-a nashri bu borada shunday yozadi: “Hamma masala Osiyo Kubogi davomida hal bo‘lishi mumkin. Ushbu turnirda yaxshi fazilatlarini ko‘rsatib, OFKning rag‘batiga erishish — hakamlarimiz uchun JChga yo‘lni ochib beradi. Jahon chempionatiga esa FIFAga har bir qit’a futbol konfederatsiyasi tavsiya etgan hakamlar borishi kundek ravshan.
Koreys hakamlari ham JCh ostonasiga qadam tashlashi uchun futbol assotsiatsiyamiz faollik ko‘rsatishi zarur. Albatta, bizning hakamlarimiz uchun O‘zbekiston, Avstraliya, Bahrayn va qisman eronlik hakamlar asosiy raqobatchi bo‘lib qolaveradi”.
Janubiy Koreya Futbol assotsiatsiyasi hakamlar bo‘limi rahbari Jong Xe Song esa quyidagicha fikr bildirgan: “Janubiy Koreya terma jamoasi Osiyoda yuqori natijalarga erishib kelyapti. Ammo hakamlarimiz borasida bunday maqtana olmaymiz. Biz hakamlarimiz ham terma jamoamiz kabi xalqaro maydonda yuksak cho‘qqilarga chiqishi uchun dastur ishlab chiqdik”.
Izoh (0)