Janubiy Koreyaning konservativ tashkilotlari tomonidan 25-oktabr, shanba kunga mo‘ljallangan havo sharlarini KXDR hukumatini ayblaydigan targ‘ibot varaqalari bilan uchirish aksiyasi amalga oshmadi. Bunga mahalliy aholi va mazkur loyihaga qarshi bo‘lgan nodavlat guruhlarning norozilik harakatlari sabab bo‘ldi. Bu haqda “Renxap” agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Shimoliy Koreyadan qochib o‘tganlar bilan birga hisoblaganda jami 40 ga yaqin kishi Koreya Respublikasi Kyongido provinsiyasidagi Imjingak hududi (chegara yaqinidagi hudud)dan KXDR tomonga qariyb 50 ming varaqa uchirishni rejalashtirgan edi.
Biroq 200 ga yaqin mahalliy aholi va liberal tashkilotlar faollari yo‘llarni berkitib qo‘yib, aksiya amalga oshirilishi kerak bo‘lgan bog‘ga kirish joyini traktor va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan yopib qo‘ydi. Faollarning ayrimlari havo sharlari va varaqalarni tortib olib, ularga zarar yetkazdi.
Aksiyaga qarshi chiqayotganlarning fikricha, Shimoliy Koreyaga tanqid bitilgan targ‘ibot varaqalarini yuborish mahalliy fuqarolar hayoti uchun xavf tug‘diradi.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi boshlarida KXDR chegarachilari Janubiy Koreya tomondan havo sharlarini qulatishga urinib, Koreya Respublikasiga yirik kalibrli pulemyotlardan o‘t ochgan edi.
Izoh (0)