Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda paxtachilikdan olinadigan yalpi daromad o‘tgan yilga nisbatan 12 foiz yoki 400 milliard so‘mdan ortishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilingan Respublika Prezidentining paxtakor va mehnatkashlarga Davlat paxta rejasi bajarilgani bilan yo‘llagan tabrigida qayd etildi.
Bu yil paxta xomashyosini yuqori sortlarga sotishning o‘zidan fermer xo‘jaliklari 200 milliard so‘mdan ziyod qo‘shimcha daromad olishga muvaffaq bo‘ldi.
Qutlovda ta’kidlanishicha, 90-yillarda O‘zbekistonda yetishtirilgan jami paxta tolasining atigi 7 foizi mamlakatda qayta ishlanar edi. O‘tgan qisqa davrda bu boradagi ko‘rsatkich 6 barobardan ziyod ko‘payib, bugungi kunda 44 foizni tashkil etdi. Shuningdek, chet mamlakatlarga sotilayotgan paxta tolasiga yana qo‘shimcha qiymat qo‘shishga imkoniyat yaratildi.
Izoh (0)