Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonning “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlandi. O‘zA xabariga ko‘ra, bu haqdagi O‘zbekiston Prezidenti farmoni 22-oktabr kuni imzolangan, deb yozadi “Kun”.
Xabar berishlaricha, Turkmaniston prezidenti “o‘zbek hamda turkman xalqlari o‘rtasidagi har tomonlama do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari, tinchlikni ta’minlash va xalqaro aloqalarni kengaytirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun” mukofotlangan.
“Mustaqillik” ordeni 1994-yil 5-mayida ta’sis etilgan bo‘lib, orden bilan mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga, O‘zbekistonda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shgan hissalari uchun O‘zbekiston fuqarolari, ayrim hollarda esa O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
“Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining yetmish besh karrasi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.
Izoh (0)