Ottavadagi parlament binosiga noma’lum shaxs tomonidan hujum qilingan vaqtda bino ichida bo‘lgan Kanada Bosh vaziri Stiven Xarper bunday hujumlar bilan uning mamlakatini qo‘rqitib bo‘lmasligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Euronews.
“Kanadani qo‘rqitib bo‘lmaydi. Aksincha, bu bizning qat’iyatimizni mustahkamlaydi. Biz xavfsizlik xizmatlarimizning harakatlarini ikki martaga oshiramiz, tahdidlarni aniqlash uchun, o‘z uyimiz − Kanada xavfsiz bo‘lishi uchun kerakli barcha choralarni ko‘ramiz. Boshqa davlatlarda o‘zlarini hayvonlarday tutayotgan va buni bizning qirg‘oqlarimizga ham yetkazishni istayotgan terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashda butun dunyodagi ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikni ham ikki martaga oshiramiz”, − dedi Xarper.
22-oktabr kuni noma’lum shaxs harbiy yodgorlik oldidagi faxriy qorovul askarlariga qarata o‘t ochgan, ko‘kragidan jarohat olgan kapral Natan Serillo voqea joyida halok bo‘lgan. Keyin esa parlament binosiga ham yorib kirayotganda qo‘riqchilar tomonidan jinoyatchi otib yo‘q qilingan. Politsiya ikkala jinoyatni ham bir kishi amalga oshirganini tasdiqlamagan. Bundan bir kun oldin Kanada ichki terrorchilik tahdidini o‘rta darajaga oshganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)