O‘zbekiston va Avstraliya yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ravshan Haydarov dastlabki vazifa bajarilganini ta’kidladi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
“Uchrashuvda durang qayd etib bo‘lsa ham, oldimizga qo‘yilgan minimum vazifani bajardik”, — dedi Haydarov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.
Ravshan Haydarov, shuningdek, chorak finalda terma jamoa faqat g‘alaba uchun o‘ynashini aytib o‘tdi: “Bizning vazifamiz uch bosqichdan iborat edi. Dastlabkisini uddaladik. Keyingi o‘yinda esa o‘rtaga jahon chempionati yo‘llanmasi tikilgan. Shunday ekan, raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar, faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Bugungi uchrashuvda qo‘lga kiritilgan durang yigitlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada orttirdi, kuchiga kuch qo‘shdi. Tailand bilan o‘yinga tayyorgarlik hozirdanoq boshlandi. O‘yin qadri juda baland, axir, kim jahon chempionatiga borishni istamaydi”, — dedi Haydarov.
Eslatib o‘tamiz, U-19 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 3-turida O‘zbekiston Avstraliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi va to‘plar nisbatiga ko‘ra, guruhda ikkinchi o‘rin bilan chorak finalga yo‘l oldi. Chorak finalda esa “A” guruhi g‘olibi — Tailand terma jamoasi Haydarov shogirdlariga raqiblik qiladi. Ushbu uchrashuv 17-oktabr kuni Yangon shahrida o‘tkaziladi.
Izoh (0)