BAAga qarshi uchrashuv (0:4)dan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Mirjalol Qosimov bahs haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Championat.asia xabar bermoqda.
“Bugungi o‘yinda legionerlarimiz jamoamizni ancha kuchaytirdi. Qatar bilan bahsda, asosan, yoshlar o‘ynagandi. Bahraynga qarshi uchrashuvda esa legionerlar endi kelgandi. Yodingizda bo‘lsa, Yangi Zelandiyaga sakkiz kun tayyorlangandik.
Bugun ham BAA bilan boshqacha o‘yin bo‘lishini kutgandim. Yigitlar bir-birlariga ko‘nikishlari uchun biroz vaqt kerak edi. Bu vaqt o‘tdi va biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik”, — deya gap boshladi bosh murabbiy.
“O‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lganligi uchun o‘zgarishlar bo‘lishi aniq edi. O‘tgan safar Sayfiyevni birinchi marta Bahraynga qarshi chap qanotda sinab ko‘rgandim, bugun ham uni aynan shu yerda o‘ynatdim. Sababi BAA kuchli raqib hisoblanadi”, — dedi Mirjalol Qosimov.
Bosh murabbiy birinchi goldan so‘ng, futbolchilar markazda to‘pni juda tez raqibga berib qo‘yaverganini aytib, bu xatolar ustida ishlanishi kerakligini qayd etdi.
“Umuman olganda, yomon o‘yin bo‘lgani yo‘q. BAA juda kuchsiz o‘ynadi, deb aytmagan bo‘lardim. O‘yinni ko‘rmasdan turib hisobni eshitganlar O‘zbekiston juda zo‘r o‘ynabdi deb o‘ylashi mumkin, lekin aslida qiyin o‘yin bo‘ldi. BAA ham gol urishi mumkin edi, biz esa o‘zimizga berilgan imkoniyatlarni ko‘kka sovurmadik.
Dekabr oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida 5-4-1 va 5-3-2 kabi taktikalarni ham sinab ko‘rishimiz mumkin. Osiyo Kubogida kuchli raqiblar o‘ynaydi, shu bois turli taktikalarga tayyor turishimiz kerak. Masalan, Avstraliya terma jamoasini olaylik, ular ko‘pincha ikkinchi qavatda o‘ynaydi, tabiiyki hujumlar qanotdan uyushtiriladi. Bunday paytda, qanot himoyachilarimiz o‘yinidan foydalanamiz, raqib bizga qanday o‘yin taklif etsa, shunga qarab himoyalanamiz”, — dedi murabbiy.
Mirjalol Qosimov noyabr oxirida Toshkentda bir haftalik yig‘in o‘tkazilishini, dekabr oyi boshida chempionatlarini tugatgan legionerlar terma jamoa safiga kelib, qo‘shilishini ma’lum qildi: “Masalan, Anzur Ismoilov, Jeparov. Rossiya va Ukrainadagi legionerlarimiz esa yig‘inga kechroq qo‘shiladi”.
Izoh (0)