Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining “A” guruhidan chorak finalga chiqqan jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi. Uchinchi tur o‘yinlari dramatik ko‘rinish oldi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Uchinchi tur oldidan to‘rt ochko to‘plab turgan Yaman terma jamoasi Tailandga qarshi bahs olib bordi. Yamanliklar o‘yinning 65-daqiqasida 2:1 hisobi bilan oldinga chiqib oldi. Ularni durang ham chorak finalga olib chiqardi. Ammo o‘yining 85 va 88-daqiqalarida kiritilgan gol tailandliklarga g‘alaba keltirish bilan birga, Yamanni guruhda qoldirib ketdi. Tailandning uchala goli Patipan Pinsermsutsri hisobiga yozildi.
Musobaqa mezboni Myanma esa so‘nggi turda Eronga yutqazganiga qaramay, chorak finalga chiqdi. 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin myanmaliklar hisobidagi ochkolar soni to‘rttaligicha qoldi. Ularning to‘plar nisbati 3:2 ko‘rinishga keldi. Yaman va Myanma o‘zaro o‘yinda 0:0 o‘ynaganini inobatga olinib, mezbon jamoa pley-offga chiqdi. Yamanliklar 3:3 to‘plar farqi bilan uylariga qaytadigan bo‘ldi.
Shu tariqa, “A” guruhida Tailand olti ochko bilan birinchi, Myanma to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, mazkur bosqichda Myanma yoki Tailand jamoalaridan biri bilan to‘qnash keladi. Ravshan Haydarov boshchiligidagi futbolchilar guruhda 1-o‘rinni egallasa, Myanmaga qarshi, 2-pog‘onani band etsa, Tailandga qarshi to‘p suradi.
Izoh (0)