Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Badaxshon qishlog‘ida yashab, maktabda dars beruvchi Rustam Shoimov ichkilikka berilib ketdi. Undan o‘rnak olgan o‘g‘li Bobomurod Shoimov ham ikki farzandning otasi bo‘lishiga qaramay, ichkilikbozlikni kasb qila boshlaydi, deb xabar bermoqda Uz24.uz “Huquq” gazetasiga tayanib.
1984-yilda tug‘ilgan Shoimov 2014-yil 23-yanvar kuni sinfdoshlari bilan spirtli ichimlik ichib, mast holatda ota-onasining uyiga boradi. Bu paytda otasi ham o‘zini himoya qila olmaydigan darajada mast edi. Ilgari bir necha marotaba tanbeh eshitgani tufayli otasiga nisbatan ko‘nglida adovat saqlab yurgan o‘g‘il birdan otasi bilan tortishib qolib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida bir uchi sinib, o‘tkir predmet shakliga kelib qolgan gayka buragich bilan otasining boshiga zarb bilan urdi. Otasi olgan og‘ir tan jarohati natijasida vafot etdi.
Sud jarayonida o‘g‘il qilgan jinoyatini tan olmay, jinoyat sodir bo‘lgan kun u sinfdoshlari bilan spirtli ichimlik ichganligini, kech soat 21:00 larda ota-onasining uyiga borsa, ayvonda otasi yiqilib yotganini ko‘rganligini, uyda chiroq yo‘qligi tufayli uning nima uchun yotganligini bilmaganligini aytadi. Qotil o‘g‘ilning onasi Bibisora Poyonova esa tergov jarayonida “Erimni men o‘ldirganman”, deb ko‘rsatma beradi.
Tergov-surishtiruv idoralari xodimlarining sinchkovlik bilan olib borgan tezkor tergov harakatlari tufayligina haqiqiy jinoyatchi kim ekanligi aniqlanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi qaroriga muvofiq, B. Shoimovga nisbatan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)