O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Minskda bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi sammitida Ukrainadagi ahvol yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. 9-10-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan sammitdagi Prezident nutqi 13-oktabr kuni O‘zA tomonidan e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Kun”.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Ukrainadagi qarama-qarshiliklar eng dolzarb muammolardan biri sifatida butun dunyoda, jumladan, sobiq ittifoq hududida muhokama etib kelinayotganini ta’kidlab, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning sammitga tashrif buyurmaganini qoraladi.
“MDH davlat rahbarlarining bugungi uchrashuviga bevosita taalluqli bo‘lgan yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ikki kun avval bizning uchrashuvimizda Ukraina prezidenti janob Pyotr Poroshenko ishtirok etishi haqidagi xabar muhim yangilik sifatida tarqatildi. Biroq, kecha kechqurun janob Pyotr Poroshenko uchrashuvga kelmasligi, uning rejalari o‘zgarib qolgani xabar qilindi. Bizningcha, bunday qarorni ma’qullab bo‘lmaydi”, — dedi Islom Karimov.
“O‘tgan vaqt mobaynida Pyotr Poroshenko Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa, Bryusselda, boshqa davlatlarda bo‘ldi. Holbuki, u MDHning bugungi sammiti majlisida ishtirok etib, imkoniyatdan foydalanishi mumkin edi”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti.
“Darvoqe, Ukraina hali MDH tarkibidan chiqqani yo‘q. Shunday taassurot paydo bo‘lmoqdaki, janob Pyotr Poroshenko ikkilanib turibdi va MDHdan chiqish foydami yoki zararmi ekanligini o‘ziga aniq tasavvur qila olmayapti. Eng muhimi, u bugungi majlisda ishtirok etib, o‘z fikrini bayon qilganida, Ukraina muammosini hal etish borasida biz uchun aniqlik kiritilgan bo‘lar edi. Afsuski, bunday bo‘lmadi”, — dedi Islom Karimov.
Izoh (0)