20 yoshli M. Mirsobitov va hali voyaga yetmagan J. Hoshimov tunash maqsadida taksichi ayolga tajovuz qildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Taksi ushlab, haydovchini tunashga kelishib olgan yigitlar qizil rangli Matiz avtomobilini to‘xtatdi. Ruldagi ayol ularni manzilga yetkazishga rozi bo‘ldi. Manzilga yaqinlashib qolishganida J. Hoshimov rulni xilvat ko‘chaga burishni buyurdi.
Shu payt haydovchining qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Telefonga chalg‘igan haydovchi hushyorlikni yo‘qotdi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Jamshid uning bo‘yniga sim arqonni tashlab, kuch bilan torta boshladi. Ayol qarshilik ko‘rsata turib, rulni qo‘yib yubordi. Mirjalol harakatlanayotgan mashinani to‘xtatish uchun qo‘l tormozini tortdi. Keyin jon holatda qarshilik ko‘rsatayotgan ayolning qorin qismiga zarb bilan ura boshladi. Natijada haydovchi hushini yo‘qotdi.
Haydovchi ayolni o‘ldi deb o‘ylab, uning cho‘ntaklarini titkilab pul, plastik kartochkasi, qo‘l telefoni, taqinchoqlar va avtomashinaga tegishli hujjatlarni olgan bosqinchilar voqea joyidan qochishga chog‘lanishdi.
Ular jasaddan qutulish maqsadida ayolni bir amallab orqa o‘rindiqqa olib o‘tishdi. Keyin Mirjalol mashinani o‘t oldirib, xilvat ko‘chalar tomon haydab ketdi. Bu orada ayol hushiga keldi. Ammo bu bosqinchilardan har nimani kutish mumkinligiga aqli yetib, o‘zini o‘lganga solib yotaverdi. Biroz yurishgach, Mirjalol mashinani to‘xtatib, “Shu yerga tashlab ketamiz”, dedi. Ikkovi ham tushib, atrofni bir sidra o‘rganib chiqishdi. Yaqin orada hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilishgach, mashina orqa o‘rindig‘ida behush yotgan ayolni yerga tushirishdi. Ular jo‘nab ketishgach, ayol o‘rnidan turishga harakat qila boshladi.
Ko‘chada ayolni ko‘rib qolgan kishilardan biri uni qarindoshlarinikiga olib borib qo‘ydi. Ular tezda bosqinchilik jinoyati haqida huquq-tartibot organlarini xabardor qilishdi. Jabrlanuvchiga tez-tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizildi.
Bosqinchi yigitchalar shu kuniyoq qo‘lga olindi. Qizig‘i, ular bosqinchilik yo‘li bilan egallab olgan avtomashinalarida biroz kira qilishga ham ulgurishgan. Ular sud hukmi bilan uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)