Rossiya prezidenti Vladimir Putin noyabr oyida Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tkaziladigan G20 (Katta yigirmalik) sammitida ishtirok etadi. Bu haqda mezbon mamlakat moliya vaziri Jo Xoki ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Segodnya”.
“Men kechagina Rossiya moliya vaziri bilan gaplashdim. U rostdan ham Putin Brisbenga G20 yetakchilari uchrashuviga kelishini tasdiqladi”, − dedi Xoki. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinning sammitdagi ishtiroki haqidagi qaror G20 mamlakatlari vakillari o‘rtasidagi konsensus asosida qabul qilingan. Shuningdek, Xoki Putinni Brisbenda uzoq suhbatlar kutayotganini ta’kidlagan.
Avvalroq, Avstraliya tashqi ishlar vaziri Juliya Bishop G20 davlatlari vakillari sammitda Putinning ishtiroki borasida bir to‘xtamga kelmaganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, G20 (Katta yigirmalik) dunyoning eng yirik 20 iqtisodiyoti (19 davlat va Yevropa Ittifoqi) hukumatlari va markaziy banklari rahbarlarining forumi hisoblanadi. G20 davlatlarining jahon yalpi ichki mahsulotidagi umumiy ulushi 85 foizni tashkil etadi.
Izoh (0)