Polshaning Germaniya bilan chegarasi yaqinidagi 18 ming aholiga ega Slubitse shaharchasi “Vikipediya” onlayn ensiklopediyasiga yodgorlik o‘rnatiladigan dunyodagi birinchi joyga aylanadi, deb xabar bermoqda Hi-Tech.Mail.ru.
“Vikipediya”ga yodgorlik o‘rnatish g‘oyasi Collegium Polonicum mahalliy kolleji direktori Krishtof Voysexovskiyga tegishli bo‘lib, u bunday foydali resurs asoschilariga o‘z minnatdorchiligini izhor qilishni istagan. Monumentga ushbu kollej bitiruvchisi, 30 yoshli arman haykaltaroshi Migran Nakobyan mualliflik qilgan.
“Vikipediya”ning Polshadagi matbuot kotibi odamlarning saytdan xabardorligini oshirib, turistlarni jalb qilishiga umid bildirgan. Slubitse merligiga 27 ming dollarga tushgan yodgorlikning tantanali ochilish marosimi 22-oktabr kuni shaharning markaziy maydonida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, “Vikipediya”ning polyakcha versiyasi bir milliondan ortiq polyak tiliga tarjima qilingan maqolalari bilan boshqa tillar orasida 12-o‘rinda turadi.
Izoh (0)