9-11-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahri sambo bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Unda sayyoraning 30 dan ortiq davlatidan 400 ga yaqin ishtirokchi gilamga tushdi. To‘liq tarkib bilan qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari beshta kumush, to‘rtta bronza medallariga egalik qildi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Umumjamoa hisobida Rossiya, Gruziya terma jamoalaridan so‘ng faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston polvonlari yakshanba oqshomida qaytib keldi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida keng sport jamoatchiligi, OAV xodimlari qarshi oldi.
23 nafar o‘g‘il-qizdan iborat terma jamoa jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi. Garchi oltin medal qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, besh nafar o‘zbekistonlik sportchi finalgacha yetib bordi.
“Jahon chempionatida o‘z oldimga katta maqsad qo‘ygandim, — dedi musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritgan Jahonoy Turkmanova. — Oltin medalni olishim mumkin edi. Biroz tajribam kamlik qildi. Endi xatolar ustida jiddiy ishlagan holda navbatdagi jahon chempionatida albatta kumush medalni oltinga aylantiraman”.
“Terma jamoamiz a’zolarining aksariyati bu kabi jahon chempionatiga birinchi bor chiqishlari, — dedi O‘zbekiston sambo federatsiyasi rahbari Ravshan Ahmadjonov. — Shunday bo‘lishiga qaramay, shogirdlarimiz biz kutgan natijani qayd etdi. Umumjamoa hisobida 33 ta davlat vakillari orasida uchinchi o‘rinni egalladik. Biz uchun birgina armonga aylangan narsa shuki, ortga oltin medalsiz qaytdik. O‘ylaymanki, yaqinda bo‘lib o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida buni uddasidan chiqamiz. Oltin medalni qo‘lga kiritamiz”.
Eslatib o‘tamiz, kattalar o‘rtasidagi 37-Jahon chempionati 20—24-noyabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadi. 2-noyabr kunidan tayyorgarlik mashg‘ulotlariga kirishadigan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 19-noyabr sanasida Yaponiyaga jo‘nab ketadi.
Shuningdek, O‘zbekiston faxriylari 24-oktabr kuni Gretsiyaga yo‘l oladi. Har yili an’anaviy o‘tkaziladigan jahon chempionatining navbatdagisi aynan olimpiya o‘yinlari vatanida 25—28-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston sharafini 15 nafar faxriy polvon himoya qiladi.
Izoh (0)