Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi maktab direktori o‘z xodimlarining maosh va mukofot pulini o‘zlashtirib olgan, deb xabar bermoqda Uz24.uz.
Xususan, direktor 2012-yilning aprel oyidan to oktabr oyigacha maktab hisobchisi bilan kelishgan holda xodimlarning maoshlarini plastik kartochkaga o‘tkazgan va bir million 704 ming so‘mni o‘zlashtirib olgan. Bundan tashqari, ular o‘z yaqinlari va tanishlari nomiga plastik kartochkalar ochib, u yerga maktab xodimlarining maoshi hisobidan ikki million 613 ming so‘mni o‘tkazgan.
Ular 2012-yilning mart oyidan dekabrigacha 14 nafar o‘qituvchiga ikki million 10 ming so‘m miqdoridagi mukofot pulini hisoblagan. 2013-yilning may va avgust oylarida bir million 633 ming so‘m miqdoridagi mukofot pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lagan va ba’zi o‘qituvchilar hisobiga ustama pul yozib qo‘ygan. Shunday qilib, ular davlat byudjetiga 4 million 395 ming so‘m miqdorida zarar keltirgan.
Shuningdek, ular 12 nafar xodim uchun mo‘ljallangan jami uch million 133 ming so‘m miqdoridagi mukofot pullarini o‘z hisoblariga o‘tkazgan. To‘rt nafar xodimning imzosini qalbakilashtirgan holda, maktab direktori ularning o‘rniga bir million 622 ming so‘m miqdorida maosh olgan.
Bundan tashqari, u maktab issiqlik ta’minoti uchun mo‘ljallangan 1 tonna 800 kg ko‘mirni 198 000 so‘mga sotib yuborgan.
Sud hukmiga binoan unga tegishli jazo belgilandi.
Izoh (0)