Xitoyda giyohvand modda iste’mol qilish yoki fohishaxonalarga borishda qo‘lga tushgan yulduzlarning efirga chiqishi taqiqlandi. Bu haqda China Daily xabar bermoqda.
Mazkur taqiq nafaqat tele- va radioshoular, balki reklama roliklari va internet OAVlarida ham amal qiladi.
Hukumatning ma’lum qilishicha, cheklov “sohani sog‘lomlashtirish” maqsadida joriy etilgan. Yoshlar o‘zlarining sevimli yulduzlariga taqlid qilishga harakat qiladi. Biroq yulduzlar ko‘pincha o‘zini nojo‘ya tutadi va o‘sib kelayotgan avlodga salbiy namuna vazifasini o‘taydi, deyiladi nashrda.
Taqiq internet foydalanuvchilari o‘rtasida keng bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik uni ijobiy baholayotgan bo‘lsa, yana bir guruh xitoyliklar iste’dodli aktyorlarning katta miqdori ekran hamda efirdan yo‘qolib ketishidan xavfsiramoqda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi oylarda Xitoyda yulduzlar bilan bog‘liq bir qancha yirik mojarolar sodir bo‘ldi. Xususan, 14-avgust kuni Pekin politsiyasi Jeki Channing o‘g‘li Jeysini giyohvand modda saqlash ayblovi bilan hibsga oldi. Jeysi bilan birgalikda tayvanlik aktyor Kay Ko ham qo‘lga olindi. U giyohvand modda iste’mol qilganlikda ayblandi.
Izoh (0)