“Boing-777”ning Donbassda qulashi natijasida halok bo‘lgan Gollandiya fuqarolarining qarindoshlari aviahalokatdan so‘ng yetkazgan zarari uchun o‘z hukumatini javobgarlikka tortishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda qurbonlar oilalarini himoya qilayotgan advokat so‘zlariga tayangan holda Korrespondent.net xabar berdi.
10-oktabr kuni Gollandiya hukumatiga qurbonlar qarindoshlari maktub yuborib, sudga murojaat qilishlaridan avval “aniq qilib hisoblanmagan zararlar”ni belgilashlarini bildirgan. Bu haqda o‘nlab oilalarni o‘z himoyasiga olgan advokat Bob van der Goyen ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gollandiya Tashqi ishlar vaziri Frans Timmermansning yo‘lovchi murdasida kislorod niqobi topilgani haqidagi axboroti qarindoshlar uchun “so‘nggi tomchi” bo‘lgan. “Biz Gollandiya hukumatini javobgarlikka tortamiz. Ular ishni sekin amalga oshirib, halokat joyigacha yetib bormadi va unga mas’uliyatsizlik bilan yondashdi”, — dedi advokat.
Gollandiya Tashqi ishlar vaziri payshanba kuni uzr so‘rab, yangilik rasman e’lon qilinguniga qadar undan qurbonlar oilalari OAV orqali xabar topganidan afsuslanayotganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, gollandiyalik tergovchilar to‘liq qidiruv ishlari aviahalokat joyida rossiyaparast ayirmachilar va Ukraina harbiylari o‘rtasida sodir bo‘lgan janglar tufayli olib borilmaganini qayd etmoqda.
Izoh (0)