2014-yilning 18—24-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida ParaOsiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Mazkur musobaqalarda O‘zbekiston sharafini 27 nafar sportchi sportning dzyudo, yengil atletika, suzish va o‘q otish turlarida himoya qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
8-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Incheon shahriga yo‘l oladigan delegatsiya a’zolarini kuzatish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekistonda Paralimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, o‘zbekistonlik paralimpiyachilar tomonidan so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi va Janubiy Koreyaga yo‘l oladigan delegatsiya a’zolariga oq yo‘l tiladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Umid Ahmadjonov, yengil atletika bo‘yicha terma jamoa murabbiyi Sardor Abduhaliqov hamda delegatsiya bayroqdori Mavlonbek Xaydarov so‘zga chiqib, ParaOsiyo o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilar besh marotaba tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etganliklarini va bo‘lajak o‘yinlarga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilganligini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, ular O‘zbekistonda Paralimpiya harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar uchun Prezident Islom Karimovga, Hukumat rahbariyati, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligiga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari, senator Mirabror Usmanov ParaOsiyo o‘yinlariga yo‘l olayotgan sportchilarga o‘ta murosasiz kechishi kutilayotgan musobaqalarda omad va zafarlar tilar ekan, sog‘-salomat borib, xushxabarlar bilan qaytishlarini tiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 12-oktabr kuni Incheon shahriga yo‘l oladi. 14-oktabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da (Toshkent vaqti bilan soat 12:00 da) atletlar shaharchasida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tadi.
ParaOsiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi esa 18-oktabr kuni o‘tkaziladi. Mazkur ParaOsiyo o‘yinlarida 2016-yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarining litsenziyalari o‘ynaladi.
ParaOsiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan sportchilar ro‘yxati bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmatida tanishishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, 2010 yili Guanchjou (Xitoy)da bo‘lib o‘tgan ParaOsiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik 21 nafar sportchi ishtirok etib, bitta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
Izoh (0)