Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Obod qishlog‘ida yashovchi Bibinor Tag‘oyeva viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari birlashmasiga ariza bilan murojaat etgan. U o‘z arizasida “Qashqadaryoavtotexxizmat” OAJ bilan Damas avtomashinasini xarid qilish uchun shartnoma tuzgani va 18 million 183 ming 200 so‘m to‘lagani, ammo mashinani haligacha ololmaganini ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda “Qashqadaryo” gazetasi.
2014 yil fevral oyida “Qashqadaryoavtotexxizmat” OAJ ma’muriyati B.Tag‘oyeva bilan tuzilgan shartnomaning 3.2-bandini ko‘rsatib, javob xati yozgan. Bu bandda mashina 15 kunga kechikishi mumkinligi yozilgan edi. Iste’molchi yana kutdi. Ammo va’da qilingan muddat kelganda ham natija bo‘lavermagach, B.Tag‘oyeva yana birlashmaga murojaat qildi. Birlashma iste’molchining qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, sudga murojaat qildi va avtomashina kechiktirilgani uchun iste’molchiga ma’naviy zarar undirib berishni so‘radi.
Sud avtomashina yetkazib berish kechiktirilgani uchun “Qashqadaryoavtotexxizmat” OAJdan penya va ma’naviy zarar undirish haqida qaror chiqardi.
Penya va ma’naviy zarar summasi haqida ma’lumot berilmagan.
Izoh (0)