Amerikalik aktyor, rejissyor va prodyuser Jorj Kluni 2018-yilgi saylovlarda Kaliforniya gubernatori lavozimini egallashni, 2020-yilda esa Oq uyga yetib borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Segodnya” xabar beradi.
G‘arb OAVlarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, aktyor Amal Alamuddin bilan turmush qurganidan so‘ng, uning davlat rahbari lavozimini egallashi uchun imkoniyatlari ikki barobar oshgan.
To‘y marosimidan avvalroq Buyuk Britaniyaning William Hill nomli yirik bukmekerlik idorasi Kluni Obamaning o‘rnini egallashiga 200 ga 1 stavka qabul qilar edi. Biroq nikoh marosimidan so‘ng, stavkalar 100 ga 1 miqdorigacha qisqardi, ya’ni aktyor imkoniyatlari ikki barobar oshdi.
“Avvaliga bu Kluni va Alamuddin nikohi atrofida paydo bo‘lgan hazil edi. Biroq odamlar bunga jiddiy qaray boshlagach, narxlarni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi”, — dedi kompaniya vakili. Ko‘pchilik siyosiy kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, millionlab muxlisi bo‘lgan aktyor saylovlarda haqiqatan ham anchagina ovoz to‘play oladi.
Ayni damda Klunida raqib bo‘lish uchun hamma narsa bor: u nafaqat AQSh, balki butun dunyoda mashhurdir. Agar Kluni prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ysa, ko‘pchilik unga ovoz beradi.
Xabar berilishicha, aktyorning o‘zi avvaliga Kaliforniyaga gubernatorlik qilib, Oq uyga 2020-yilda borishni mo‘ljallamoqda.
Izoh (0)