Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan muftiy Usmonxon Alimov 2014-yil 3-oktabr kuni O‘zbekiston hojilari nomidan Prezident Islom Karimov nomiga Makka shahridan samimiy qutlov yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Sizni va go‘zal yurtimizning barcha fuqarolarini qutlug‘ ayyom — Qurbon hayiti munosabati bilan muborak zaminda haj ibodatini chin ixlos, imon-e’tiqod ila ado etayotgan hojilarimiz nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Biz, o‘zbekistonlik hojilar ona diyorimizning kelajagi buyuk va yorug‘, xalqimiz hayoti yanada farovon, Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlar bardavom va barakotli bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duoda bo‘lmoqdamiz.
Istiqlol tufayli, Sizning tashabbusingiz bilan dunyo ilm-fani, madaniyati, xususan, muqaddas islom ta’limoti rivojiga bemisl hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning muborak nomlari qayta tiklanib, boy ilmiy meroslari o‘rganilmoqda, qadamjolari xalqimiz ardog‘idagi tabarruk manzillarga aylantirilmoqda. Har yili minglab fuqarolarimizning haj va umra ibodatlarini yuksak saviyada, qulay sharoitlarda ado etayotganlari, hech shubhasiz, mamlakatimizda vijdon erkinligini kafolatlash, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yorqin ifodasidir.
Komil ishonch bilan ta’kidlaymizki, Vatanimizning yanada obod bo‘lib, ravnaq topishida, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsad va marralarni egallashimizda eng katta mezon, avvalo, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va hamkorlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitining yaratilganidadir.
Ushbu barakotli onlarda Siz, muhtaram Prezident Janoblariga mustahkam salomatlik, baxt-saodat, ona Vatan taraqqiyoti, xalqimiz tinchligi va farovonligi yo‘lidagi xayrli ishlaringizda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab duolar qilib qolamiz.
Izoh (0)