Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-oktabrdagi 322-sonli qarori asosida Toshkent viloyatidagi Zangiota majmuasi va unga tutash hududlarda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Qadriyat.uz xabar beradi.
Majmua hududida 1000 o‘rinli yangi masjid binosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining binosi, 40 o‘rinli tahoratxona, ikkita hojatxona, eski hovuz o‘rniga ikkita favvora, ikkita milliy uslubda loyihalashtirilgan shiypon, tegishli kommunikatsiya tarmoqlari (issiqlik, ichimlik suvi, oqava-chiqindi suvi, elektr, aloqa, yoritish), yerosti o‘tish yo‘li, avtoto‘xtash joyi, 50 o‘rinli uch qavatli mehmonxona, 70 o‘rinli choyxona, ikki qavatli minimarket va boshqa o‘ndan ortiq milliy hunarmandchilik savdo do‘konlari, novvoyxona, zamon talabiga javob beradigan 50 o‘rinli dehqon bozori, oshxona qurib bitkazilmoqda. Ushbu katta miqyosda qurilish ishlari olib borilayotgan hudud 2,7 gektar yer maydonni tashkil qiladi.
Yangi loyiha talabiga muvofiq majmuaga kirish darvozasi qayta qurildi; chegara devorlari boshqatdan tiklandi. Qadimgi madrasa binosi to‘la ta’mirdan chiqarildi. Hovlidagi eski minora olib tashlanib, yangi masjid oldida balandligi 31 metr bo‘lgan minorani qurish ishlari olib borilmoqda. Zangiota va Anbarbibi maqbaralari ham butkul qayta ta’mirlandi. Majmuadagi beshta gumbaz qayta tiklandi.
Ziyoratgoh majmuasi ro‘parasida, shuningdek, bu hududda ham obodonlashtirish, kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari jadal olib borilyapti.
500 metr masofada olti qatorli yo‘l qurilish ishlari va ikki hududni bog‘lovchi yerosti o‘tish yo‘li qurilmoqda. Shu tariqa majmua hududi kengaytirilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)