“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona xodimlari tomonidan naqd xorijiy valyutalarning havo yo‘llari orqali noqonuniy olib o‘tilishiga oid bir nechta bojxona qoidabuzarliklari fosh etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasining axborot xizmati.
Jumladan, Sankt-Peterburgga parvozi oldidan chustlik fuqaro bojxonachilar sezmaydi, degan g‘arazli o‘y bilan yo‘l sumkasiga 1800 AQSh dollarini yashirib qo‘yadi. Ammo bojxona ko‘rigi davomida uning bu rejasi chippakka chiqdi.
Poytaxtlik ayolning ham bojxonachilar ko‘zini shamg‘alat qilishga bo‘lgan urinishi naf bermadi. Oqibatda, Bokuga parvozi oldidan ushbu yo‘lovchi bojxona bayonnomasida qayd etilmagan 1820 AQSh dollari bilan “xayrlashishi”ga to‘g‘ri keldi.
Olma-Otaga yo‘l olgan qibraylik yo‘lovchi ham bojxona nazoratidan o‘tishdan avval tavakkalga qo‘l urdi. Biroq ikki ming AQSh dollarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan ushbu fuqaro bojxonachilar tomonidan fosh etildi. Ayni shu shaharga yo‘l olgan yana bir kitoblik fuqaro esa uch ming AQSh dollarini “qo‘ldan boy berdi”.
Yurtiga qaytayotganida so‘rov vaqtida ham, bayonnomada ham ortiqcha puli yo‘qligini ta’kidlagan hindistonlik yo‘lovchi cho‘ntagidan 2350 AQSh dollari topildi.
Yana bir vaziyatda quvasoylik shaxs Kaliningradga parvoz oldidan bojxona nazoratidan o‘tdi va kurtkasi cho‘ntaklarida yashirin ravishda olib o‘tishga uringan 2600 AQSh dollaridan ayrildi.
Toshkent — Moskva reysi parvozi oldidan o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik vaqtida chirchiqlik fuqaroning ham 2900 AQSh dollarini berkitgan holda olib o‘tishga uringani fosh etildi. Ayni shu reys bo‘yicha parvoz qilishi lozim bo‘lgan poytaxtlik yo‘lovchining bezovtalanishi bojxonachilarni bee’tibor qoldirmadi. Natijada, shaxsiy ko‘rik davomida mazkur shaxs 3200 AQSh dollarini noqonuniy ravishda olib chiqmoqchi bo‘lgani fosh bo‘ldi.
Hozirda yuqorida keltirilgan holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi, norezidentlarga esa bojxonaga taqdim etilgan deklaratsiyaga muvofiq respublikaga keltirilgan valyuta miqdoridagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.
Ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib ketishga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyuta bilan operatsiyalarni o‘tkazishga asosiy litsenziyasi bo‘lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
Izoh (0)