Kiyim ishlab chiqaruvchilar iPhone 6 smartfonlari sababli kelajakdagi mahsulotlarining cho‘ntaklarini uzaytirishmoqchi. Bu haqda Mashable ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Mashable nashri bir qancha mashhur brendlar bilan bog‘lanib, bu haqda ma’lumot to‘pladi. Masalan, Yaponiya brendi Uniqlo xodimlari bilan yangi kiyimlar cho‘ntagi iPhone 6 smartfonlariga mos bo‘lishi uchun nima qilish kerakligi borasida maslahatlashgan. Jinsi shimlar cho‘ntagi esa shu maslahatlashuvning bir qismi bo‘lgan.
Shuningdek, Levi’s, Lee Jeans, J. Crew, L.L. Bean kabi brendlar yangi kiyimlarning cho‘ntaklarini katta displeyli smartfonlarga moslash haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, American Eagle esa allaqachon erkaklar jinsi shimining cho‘ntagini uzaytirgan. Mashable ushbu brendalarning shimlarida iPhone 6 smartfonlari joylashuvi borasida sinov o‘tkazdi. Unga ko‘ra erkaklar shimida smartfon uchun joy topilgan bo‘lsa, ayollar shimida esa smartfon uchun joy kamlik qilgan.
Texnologiyalar rivojlanmoqda, Samsung va boshqa kompaniyalar kattaroq displeyli smartfonlarini taqdim etib ulgurgan. Endilikda esa Apple’ning ham smartfonlari katta displeyda. Odamlar bunday smartfonlarni qayerda saqlashni bilishmasa ham, baribir ularni sotib olishmoqda. iPhone 6 smartfonlari sotuvi bo‘yicha yangi rekord qayd etgani bunga misol.Shuning uchun, moda olami ham yangi dizayndagi kiyimlar ishlab chiqarishga majbur. Ular endilikda katta displeyli smartfonlar uchun uzunroq cho‘ntakli kiyimlar ishlab chiqaradi. Yoki yuqoridagi suratda tasvirlangan shim kabi yangi cho‘ntak o‘ylab topishlari kerak bo‘ladi :)
Izoh (0)