Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyaning Xoms shahridagi maktablarda sodir etilgan teraktlarni keskin qoraladi, deb xabar bermoqda “ITAR-TASS”.
“Bosh kotib dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 39 kishining, jumladan 6—9 yoshlardagi 30 nafar bolaning umriga zomin bo‘lgan Xomsdagi teraktlarni eng keskin ravishda qoralaydi, buni eng yuqori darajadagi qabihlik deb biladi”, − deyilgan Bosh kotib ma’muriyatining bayonnomasida.
Suriya televideniyesi axborotiga ko‘ra, terroristlar Xomsning alaviylar yashaydigan asosiy mahallasidagi maktablaridan biriga portlovchi moddalar yuklangan avtomobil bilan kirib kelgan, bir necha daqiqadan keyin yaqin atrofdagi ikkinchi maktabda ham bir terrorchi o‘zini portlatib yuborgan.
Pan Gi Mun Suriyadagi “shafqatsiz va qonli mojaro tomonlarini har qanday quroldan foydalanishni tezda to‘xtatish”ga chaqirgan. Bundan tashqari u barcha suriyaliklardan, shuningdek, mintaqa va jahon miqyosidagi yetakchilardan mojaroni yakunlash va siyosiy kelishivga erishish uchun harakatlarni ikki baravarga ko‘paytirishni so‘ragan.
Izoh (0)