NATO Rossiya tomonidan xalqaro me’yorlarning buzilishiga ko‘nib yurmoqchi emas, deya ta’kidladi Shimoliy Atlantika alyansining yangi tayinlangan bosh kotibi Yens Stoltenberg 1-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
“NATO Rossiya bilan qarama-qarshiliklarni xohlamaydi. Biroq biz Rossiya tomonidan xalqaro meyorlarning buzilishiga chidab turmoqchi emasmiz. Biz suveren va mustaqil Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, — deya Stoltenberg bayonotidan iqtibos keltirdi “Yevropeyskaya Pravda” nashri.
Yangi tayinlangan bosh kotib NATOning Uelsdagi sammitida qabul qilingan qarorlarni hayotga tatbiq etish vaqti kelganini ta’kidladi. “Alyansni kuchaytirish — ishimdagi bosh maqsadlardan biri”, — dedi u.
“Biz Rossiya bilan konstruktiv aloqalar o‘rnatishni istaymiz. Bu esa alyansni mustahkamlash strategiyasiga zid emas. Biz Rossiyaning o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirib, xalqaro majburiyatlarga yana rioya qila boshlaganini ko‘rishimiz kerak”, — deya qayd etdi Stoltenberg.
NATO rahbari alyansning Ukrainaga to‘rtta — kiber xavfsizlik, logistika, konsultatsiyalar hamda yarador harbiylarga yordam yo‘nalishlarida ko‘mak berishga tayyorligini aytdi.
1-oktabrdan NATOni Yens Stoltenberg rasman boshqarmoqda. Bundan avval ushbu vazifani Anders Fog Rasmussen bajargan.
Izoh (0)