Ta’lim sohasi rahbarlari, faol o‘qituvchi va murabbiylar 30-sentabr kuni Toshkent shahridagi hurriyat, porloq istiqbol va ezgu niyatlar ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan zamonaviy inshootlar, ta’lim, madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shu kuni “Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekistondagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, murabbiylar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston rahbari rahnamoligida istiqlolning dastlabki kunlaridanoq barkamol avlodni tarbiyalash, malakali kadrlar tayyorlashning muhim vositasi sifatida ta’lim sohasini tubdan isloh etishga alohida e’tibor qaratildi.
Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi asosida O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarining deyarli barchasi kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy andozalar asosida yuzlab yangi maktablar qurildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maxsus maktab-internatlar, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, sport, musiqa va san’at maktablari, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, ularning faoliyati davr ruhiga mos tarzda yo‘lga qo‘yildi.
O‘qituvchilarning malaka va mahoratini oshirish, samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, mehnatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirishga oid amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar natijasida o‘qituvchilarning o‘rtacha mehnat haqi 2006-yil 1-sentabriga nisbatan to‘qqiz barobarga oshirildi.
2014—2015-o‘quv yilida chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyoj tahlil etilib, amaldagi o‘qituvchilarning pedagogik yuklamalarini 1,5 stavkagacha oshirish, boshqa chet tili o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga kelishi hisobidan qoplash choralari ko‘rildi.
Chet tili o‘qituvchilari Davlat test markazi tomonidan doimiy ravishda sinovdan o‘tkazilib, ularning maoshiga qishloq joylarda 30 foiz va boshqa ta’lim muassasalarida 15 foiz miqdorida qo‘shimchalar berib borilmoqda.
O‘zbekiston rahbarining 12 nomdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasidan iborat sovg‘asi tarkibida ingliz, nemis, fransuz tillarida yaratilgan darsliklar majmualari bo‘lib, bu yil 1-sinfga borgan 587 mingdan ziyod bolalarga tuhfa qilindi.
Islom Karimovning 2014-yil 29-sentabrdagi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ularga fan asoslarini hamda zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi jonkuyarligi, ta’lim-tarbiya sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar O‘zbekistonning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovining 2014-yilgi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Istiqlol yillarida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli xalqaro standartga o‘tkazildi.
Marosimda Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati direktori, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Shohida Oripova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova, boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zosi, o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev va boshqalar ta’lim-tarbiya, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar kelajak egalari bo‘lgan yoshlarni O‘zbekistonga, buyuk ajdodlarga munosib farzand etib tarbiyalashdek ezgu maqsadga yo‘naltirilganini ta’kidladi. Ushbu ezgu maqsadga butun borlig‘ini baxsh etayotgan kasb sohiblarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibori uchun O‘zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirdi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov, Qonunchilik palatasining Spikeri D.Toshmuhamedova, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok etdi.
Izoh (0)