Rossiya Davlat Dumasi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitimni deyarli bir ovoz bilan ratifikatsiya qildi. 441 deputat mazkur qarorni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, bir nafari betarafligini namoyon qildi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitim Rossiya, Qozog‘iston va Belorussiya prezidentlari tomonidan 2014-yil 29-may kuni imzolangan edi. Hujjat tovarlar, xizmatlar, ish kuchi va kapitalning erkin harakatlanishini ta’minlovchi, iqtisodiyot sohalarida muvofiqlashtirilgan, kelishilgan yoki yagona siyosat olib boruvchi ittifoqni ta’sis etadi.
Bundan tashqari, bitim ittifoq organlari — a’zo mamlakatlar hukumatlari rahbarlaridan tashkil topuvchi Oliy Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, shtab-kvartirasi Moskva shahri (Rossiya)da joylashishi taxmin qilinayotgan Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi va shtab-kvartirasi Minsk shahri (Belorussiya)da bo‘ladigan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sudining tuzilishi, vakolatlari va ish tartibini belgilab beradi. Ittifoqning moliyaviy nazoratchisi Olma-Ota shahrida joylashishi mumkinligi ham qayd etildi.
Ittifoq byudjeti a’zo mamlakatlarning Oliy kengash tomonidan tayinlanadigan ulush asosida to‘laydigan puli hisobiga Rossiya rublida shakllantiriladi.
Hujjatga binoan ittifoq uning maqsad va tamoyillariga amal qiluvchi istalgan davlat uchun ochiq hisoblanadi. Biroq bunda a’zo mamlakatlar fikri ham inobatga olinadi.
Ittifoqning ishchi tili rus tili bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitim 2015-yil 1-yanvaridan kuchga kiradi.
Izoh (0)