“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi O‘zbekistonning ekologik jihatdan noqulay hududlari aholisiga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida navbatdagi “Salomatlik” gumanitar aksiya-poezdini 24-sentabrdan 30-sentabrgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi olis tumanlari aholisi uchun Toshkent-Misken-To‘rtko‘l-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab tashkillashtirmoqda. Bu haqda 12news.uz xabar berdi.
Ta’kidlash joiz, 2014-yilda “Salomatlik” poezdlari Toshkent-Tinchlik-Konimex-Karakatta-Mustaqillik-Buzouboy-Uchquduq II-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Navoiy viloyatiga hamda Toshkent-Dehqonobod-Oqrabot-Darband-Boysun-Qumqo‘rg‘on-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga ham jo‘natilgan edi.
2014-yil 24-sentabr kuni soat 16:50da Toshkentdagi Shimoliy vokzaldan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasining malakali vrachlar brigadasi bilan yo‘lga chiqqan bu safargi “Salomatlik” poezdi aholini, birinchi navbatda ayollar va bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga dori-darmonlar, nogironlar aravachalari, gigiena vositalari, vitaminlar, oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklardan iborat “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasining gumanitar yordamini tarqatishni maqsad qilgan. Gumanitar yukning umumiy qiymati 34,7 million so‘m va 465 250 AQSh dollarini tashkil qiladi.
Tadbirga “AmeriCares” xalqaro tashkiloti (AQSh), “Tom's Shoes” (AQSh), “Resource and Policy Exchange” (AQSh), “Friedensdorf International” (Germaniya), “Dori-darmon” AK, “Baxtteks-Farm” OAJ, “Diyor biznes” OAJ va boshqalar homiylik qilmoqda.
Izoh (0)