O‘zbekistonning Qibray tumani Moy qishlog‘ida tug‘ilgan Rossiyaning “Krasnodar” klubi a’zosi Nikolay Markov hozircha O‘zbekiston milliy termasi tarkibida maydonga tushmagan. Hatto terma yig‘inlariga ham jalb etilmagan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
“Rosti, aksariyat muxlislar, hatto mutaxassislar ham uni milliy terma jamoada qachon ko‘ramiz, deb so‘raydi. Aslida Nikolay Markovni yaxshi bilaman. Bir paytlar Toshkentning ‘Traktor’ jamoasida o‘ynagan. Hozirda ‘Krasnodar’ klubi sharafini himoya qilmoqda. Ma’lumki, ushbu mavsumda krasnodarliklar Yevropa ligasida ishtirok etmoqda. Shu bois klub rahbariyati jamoa tarkibini yanada kuchaytirish maqsadida bir qator tajribali futbolchilarni taklif etdi. Natijada, Nikolay Markov ‘Krasnodar’ning zaxira o‘rindig‘ida qolib, biroz o‘yin amaliyotini yo‘qotib qo‘ydi.
Yaqinda Nikolay bilan bog‘lanib, yig‘inlarga chaqirishimni aytgandim. U esa ayni paytda o‘ziga yangi klub izlayotganini ta’kidladi. Xabaringiz bor, termamiz yarim himoyachisi Odil Ahmedov ham Nikolayning jamoadoshi sanaladi. Odil ham Markov bilan uchrashib, bu borada gaplashgan ekan. Kolya unga ham xuddi shu javobni aytibdi. Xullas, Nikolay Markov o‘z oldidagi muammolarni hal etsin. Keyin albatta O‘zbekiston milliy terma jamoasi mashg‘ulotlariga chaqiraman. Ishonamanki, Nikolay terma jamoamiz o‘yinini kuchaytira oladi”, — dedi Mirjalol Qosimov.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyiga Nikolay Markovning qaysi klubga o‘tishi haqida ma’lumotga ega-ega emasligi haqida so‘ralganida, u “Rossiya premyer ligasi debyutanti ‘Ufa’dan taklif bor ekan. Yaqin kunlar ichida Nikolay Markov ‘Ufa’ jamoasi mutasaddilari bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritadi”, — deb javob berdi.
Izoh (0)