Birlashgan Millatlar Tashkilotining Raqamli texnologiyalar bo‘yicha komissiyasi 2017-yilga borib dunyo aholisining yarmi internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda Korrespondent.net nashri xabar bermoqda.
Bunday ko‘rsatkichga smartfonlar va planshetlardan keng foydalanish evaziga keng polosali mobil tarmoq yordamida erishiladi. Ekspertlarning ta‘kidlashicha, ushbu bog‘lanish usuli insoniyat tarixidagi eng tez rivojlanayotgan texnologiya hisoblanadi.
Bunday aloqa turidan foydalanish imkoniyatiga egalar soni tobora ortib bormoqda va 2019-yilga borib ularning soni 7,6 milliard kishiga yetishi taxmin qilinmoqda. Hozirgi kunda mobil keng polosali tarmoqdan foydalanuvchilar soni an’anaviy statsionar tarmoq foydalanuvchilaridan uch barobar ko‘p. Jumladan, 1,9 milliard odam u orqali ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi.
Hozirgi kunda internetdan sayyoramizning 40% aholisi foydalanmoqda. Yil oxiriga borib 2,9 milliard odam bunday imkoniyatga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda. 2013 yilda esa ularning soni 2,3 milliard odamni tashkil qilgan.
Keng polosali tarmoqdan foydalanish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni Janubiy Koreya egallaydi (oilalar hisobida) – bunday tarmoq mamlakat aholisining 98 foizini qamrab olgan. Umuman internetga ulangan aholisining ulushi bo‘yicha esa 96,5 % aholi bilan Islandiya birinchi o‘rinda turadi.
Izoh (0)