Pornografik mazmundagi materiallarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi taqiqlangan bo‘lsa-da, mazkur tartiblarga rioya qilmay, qonun oldida javobgarlikka tortilayotgan shaxslar ham uchrab turibdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasining axborot xizmati.
Raqamlarga murojaat qilinsa, 2014-yilning o‘tgan davri mobaynida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 121 ta qonunbuzarlik holatlarida behayo mazmundagi 1748 ta turli videoyozuvlarning olib kirilishiga chek qo‘yildi. Sodda qilib aytganda, 121 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Ularga tegishli noutbuklar, qo‘l telefonlari va boshqa vositalar davlat egaligiga o‘tkazildi.
Jumladan, Rossiyadan qaytayotgan K. Z.ning farzandiga sovg‘a sifatida olib kelayotgan noutbuki ko‘zdan kechirilganda, unda boshqa “sovg‘a” yashirilgani, ya’ni noutbuk xotirasiga bir nechta behayo videolavhalar joylashtirilgani aniqlandi.
Shundan so‘ng, jinoiy javobgarlikka tortilgan ushbu fuqaro sud hukmi bilan eng kam oylik ish haqining 50 barobari miqdorida jarimaga tortildi.
Izoh (0)