O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2014-yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazini tashkil etishga oid masala ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov boshqargan yig‘ilishda saylovlar demokratik huquqiy davlatning muhim belgisi, uni yuqori saviyada o‘tkazish o‘ta muhim va hal qiluvchi ahamiyatga molik masala ekanligi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi 2014-yilgi saylov jarayonini yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2014-yilgi saylov jarayonini yoritish bo‘yicha matbuot markazi Toshkent shahri Navoiy ko‘chasi 16-uydagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazi binosiga joylashtirildi. Bu yerda jurnalistlarning saylov jarayonining barcha bosqichlarini samarali yoritish borasidagi faoliyati uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Saylovlarning borishini yoritish istagida bo‘lgan ommaviy axborot vositalari vakillari Markaziy saylov komissiyasida belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tishi kerak. Akkreditatsiyadan o‘tish tartibi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining elections.uz rasmiy sayti orqali tanishish mumkin. Tegishli tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan brifing va matbuot anjumanlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar Dasturida ko‘zda tutilgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, dastur doirasidagi barcha tadbirlar saylov qonunchiligi talablariga qat’iy muvofiq tarzda amalga oshirilmoqda.
Majlisda komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etildi.
Izoh (0)