Joriy yilning 15—26-sentabr kunlari o‘zbekistonlik 5200 nafar ziyoratchini “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent — Madina, Buxoro — Madina, Samarqand — Madina, Termiz — Madina, Farg‘ona — Madina, Andijon — Madina hamda Urganch — Madina yo‘nalishlarida haj safariga jo‘natish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning axborot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning 4-sentabr kuni hojilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 10 nafar ishchi guruhi a’zolari Saudiya Arabistoniga jo‘natildi. Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshiriladi.
Bugun, 15-sentabr kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 499 nafardan iborat dastlabki guruhlari ikkita reysda (to‘rt nafar delegatsiya, olti nafar ishchi guruhi, to‘rt nafar oshpazlar, to‘rt nafar shifokorlar) Toshkent — Madina yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligiga kuzatildi.
Ziyoratchilarga safardan oldin Davlat ramzi tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi.
Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarda minengit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan “Julnor at-Toyyiba” mehmonxonasi, Makka shahrida esa Haramdan 4500-5000 metr uzoqlikdagi to‘rt burjli “Muhammadiya” mehmonxonasi tayyorlangan.
O‘zbekistonlik hojilar Madina shahrida uch kecha-yu to‘rt kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so‘ng, Makka shahriga yo‘l oladi.
Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 25 nafardan iborat ishchi guruhi, 30 nafar shifokor va 10 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-869 son Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Joriy yilning 9—20-oktabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida Jidda — Toshkent, Jidda — Buxoro, Jidda — Samarqand, Jidda — Termiz Jidda — Farg‘ona, Jidda — Andijon hamda Jidda — Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, “Haj — 2014” mavsumini namunali tashkil etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-avgust kunidagi PF-3793 son Farmoni asosida tuzilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Respublika Jamoatchilik Kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)