“Sport” telekanali uzoq yillar davomida Yevropaning kuchli chempionatlari o‘yinlarini namoyish etib keldi, ammo o‘tgan yildan e’tiboran bu borada muammolar boshlandi. Shu va boshqa masalalar yuzasidan “Sport” telekanalining “Translyatsiya” studiyasi bosh muharriri Zafar Imomxo‘jayevga murojaat qilinganda, u boshqa mutaxassislardan farqli o‘laroq, “Interfutbol” muxlislarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha va batafsil javob berdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Zafar Imomxo‘jayev Yevropadan translyatsiya qilish jiddiy masala ekanligini MTRK rahbariyati ham tushunib turganini ta’kidlar ekan, ayni vaqtda bu borada katta ishlar olib borilayotganini aytdi. “O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Yevropaning kuchli chempionatlari, UEFA Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi o‘yinlarini namoyish etishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan. Bu masalani ijobiy hal qilish uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda. ‘Sport’ telekanali orqali shu vaqtga qadar yirik musobaqalarning barchasi muxlislar e’tiboriga havola etib kelindi.
2008 va 2012-yilgi Yevropa chempionati, 2006, 2010 va 2014-yillarda o‘tkazilgan jahon chempionati, shuningdek, 2008 va 2012-yilgi yozgi, 2010 va 2014-yilgi qishki Olimpiada o‘yinlari shular jumlasidandir. Mana, Nankindan, o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiada o‘yinlaridan ham translyatsiyalar tashkil etildi. Shuningdek, Inchxon mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlarini uzatish borasida ish olib borilmoqda. Nasib qilsa, sentabr oyida Osiyo o‘yinlari to‘lig‘icha muxlislar e’tiboriga havola etiladi.
Shu bilan birga, Yevropadagi kuchli chempionatlar, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi translyatsiyalari o‘ta muhim ekanini ham tushunamiz. Hozirda ayni shu masalada muzokaralar olib borilmoqda. Xabaringiz bor, Yevropada translyatsiya huquqi turli mediakorporatsiyalarga tegishli va ulardan sotib olishga to‘g‘ri keladi. Har qanday kompaniya ham sifat va narx jihatidan o‘ziga ma’qul keladigan translyatsiyani xarid qilishni istaydi. Hozirda bu borada katta hajmdagi ish olib borilmoqda va nasib qilsa, yaqin vaqt ichida muxlislar Yevropa futbolidan yana bahramand bo‘ladi”, — dedi Zafar Imomxo‘jayev.
- Aynan qachon translyatsiyalar boshlanishini ayta olmaysizmi?- Afsuski, yo‘q. Chunki bu ish bilan bevosita biz shug‘ullanmaymiz. Ammo MTRK rahbariyati, kompaniyaning xalqaro aloqalar bo‘limi bu borada qat’iyat bilan ish olib bormoqda va yaqin kunlar ichida translyatsiyalar boshlanishiga umid qilmoqdamiz. Biz o‘z mulohaza va takliflarimizni bildirganmiz, shunga qarab, muzokaralar davom ettirilmoqda.
- Aynan qaysi chempionatlardan translyatsiyalar bo‘lishi rejalashtirilgan?- Biz asosiy urg‘uni Angliya premyer-ligasi, Yevropa Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasiga qaratganmiz. Nasib qilsa, bu o‘yinlar hamyurtlarimiz e’tiboriga havola qilinadi. Yaqin vaqtlar ichida YeChL guruh bosqichi boshlanadi va bu o‘yinlar translyatsiyasi rejaga kiritilgan.
Yangi loyihalar
- Mana necha yildirki, “Sport” telekanalida o‘zbek futboliga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar ichida “Futbol sharhi” yagona bo‘lib qolmoqda. Viloyatlar futboli, hakamlar va boshqa masalalarga bag‘ishlangan yangi ko‘rsatuvlarni ham ko‘ramizmi?
- Bu borada ish allaqachon boshlab yuborilgan. Rahmatli Davlat Turdaliyevning tashabbusi bilan hakamlar faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv tashkil qila boshlagandik. Afsuski, Davlat akaning o‘zi bu ishni oxiriga yetkazolmadi. Biz endi imkon qadar uni davom ettirishga harakat qilamiz. Ammo bu borada muammolar yetarli. Eng kattasi — mutaxassislar masalasi bo‘lib turibdi.
Bilasizmi, bizda televideniyeda chiqib, tahliliy mulohaza bildiradigan, uchrashuvlar davomida yuzaga keladigan vaziyatlar borasida aniq fikr ayta oladigan, sharhlaydigan, “oqni oq, qorani qora”, deydigan mutaxassislar yetishmaydi. Aytaylik, hakamlar faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv tashkil qilishni anchadan buyon o‘ylab yuribmiz, ammo o‘zbek futbolida soha vakillari haqida keskin va oqilona fikr bildiradigan mutaxassislar deyarli yo‘q.
Xalqimizda “Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi”, degan maqol bor. Haq gap. Hakamlik borasida fikr olmoqchi bo‘lsak, hech kimning gapirgisi kelmaydi. Hatto xorijdagi hakamlar haqida ham fikr bildirmaydilar. Jurnalist bu borada istagancha gapirishi mumkin, ammo mutaxassis fikrining yo‘rig‘i boshqa. Ularning gapi zalvorliroq bo‘ladi. Ammo shunday mard insonni topolmayapmiz.
Bilasiz, bu yil PFL va O‘FF kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashga kirishdi. Shunga monand o‘yinlar sifati ancha o‘zgardi. Ammo baribir, hakamlik borasida kichik bo‘lsa-da, nuqsonlar uchrab turibdi. Bunday xatolar ichida o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazadiganlari ham borligi juda achinarli. Bunga qarshi kurashish kerak, ammo faqat jurnalist jon kuydirgani yetarli emas. Mutaxassislar chiqish qilib, o‘z fikrlarini bildirsa, hakamlik ishiga o‘zgarish kiritish osonroq bo‘lardi. Lekin afsuski, hozircha bunday insonlar ko‘rinmayapti.
- Demak, yangi ko‘rsatuvni ancha kutishga to‘g‘ri keladi...
- Yo‘q, yangi ko‘rsatuvlar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Yaqin vaqtlar ichida tok-shou ko‘rinishidagi ko‘rsatuv namoyishini boshlaymiz. U to‘lig‘icha muxlislarga ataladi. Biz oddiy muxlislarni minbarga chiqarib, o‘zbek futboli muammolari haqida gapirishga imkon bermoqchimiz. Bu ko‘rsatuv samara keltirishiga ishonaman.
Mutaxassislarga bog‘liq jihat
- Nima uchun o‘zbek futboli mutaxassislari so‘zamol emas? Birgina Baxtiyor Ashurmatovni aytmasa, boshqa hech kimni ko‘rsatolmaymiz. Xorijda esa yaxshi bilamizki, bu borada muammo yo‘q. Siz “Futbol sharhi” orqali mutaxassislar bilan ko‘p muloqot qilasiz, aytingchi, buning sababi nimada?
- Aynan mana shu savolni kutib turgandim. Yaxshi savol. Xuddi shu muammo meni ham g‘oyat qiynaydi. Bilasizmi, bu muammoning ildizi ancha uzoqqa borib taqaladi. Hozirda o‘zbek futbolida faoliyat yuritayotgan ko‘plab insonlar soha bo‘yicha ta’limotni rus tilida olgan. Sobiq ittifoq davrida futbol sohasidagi ta’lim rus tilida olib borilar edi. Futbol terminlari rus tilida yodlangan, fikrlar shu tilda bayon qilingan, mashg‘ulot olib borilgan. Ayni sabab hozirda mutaxassislarimiz o‘zbek tilida fikr bildirishda qiynaladi.
Istaysizmi yoki yo‘q, ular rus tilida fikrlab, o‘zbekchada gapirishga majbur. Baxtiyor Ashurmatov, Mirjalol Qosimov, Shuhrat Maqsudov singari o‘zbek tilida ravon gapiradiganlar kam. Ha, “Futbol sharhi” ko‘rsatuvi orqali ko‘plab mutaxassislar bilan muloqotda bo‘lganman. Deyarli hamma rus tilida gapirishga ruxsat so‘raydi. Ammo o‘zbek tili auditoriyasi uchun rus tilida gapirish — to‘g‘ri emas.
Istisno tariqasida ba’zi mutaxassislarga rus tilida gapirishga ruxsat bergan edik, bu holat muxlislar noroziligiga sabab bo‘ldi. Rustam Akramov, Islom Ahmedov, Azamat Abduraimov — bu insonlar juda teran fikrlaydi, usta notiqlar. Ammo muammo shundaki, o‘zbek tilida ravon gapirolmaydi. Hatto oddiy muloqotda o‘zbekchada bemalol tillasha oladiganlar ham futbol uchrashuvi haqida rasmiy fikr bildirishga kelganda, ruscha gapirishga izn so‘raydi. O‘z vaqtida Ravshan Bozorov, Rustam Do‘rmonov bilan shunday bo‘lgan edi. Ko‘rib turganingizdek, muammo jiddiy. Ammo vaqti kelib, u o‘z yechimini topadi, deb o‘ylayman. Har holda, yangi avlod yetishib kelmoqda...
- Yaxshi bilamiz, “Rossiya 2” telekanalining futbol yo‘nalishi bo‘yicha o‘z mutaxassislari bor. Har qanday uchrashuv yakuniga yetgani hamono Lovchev va Bubnov kabi ekspertlar darhol o‘z fikrlarini bildiradi. “Sport” telekanalida ham shunday mutaxassislar faoliyatini yo‘lga qo‘ysa bo‘lmaydimi?
- Bunga bir necha bor urinib ko‘rganmiz. Ba’zi mutaxassislarga murojaat qilib, ular bilan shartnoma imzolash va ekspertlik ishi uchun maosh belgilash taklifini ham bildirdik. Ammo har safar rad javobini oldik. Bilmadim, bizda andisha kuchlimi yoki boshqa sabablar bor, rozi bo‘lishmaydi. Shu o‘rinda paytdan foydalanib, futbol sohasida faoliyat yuritayotgan barcha insonlarga murojaat qilmoqchi edim. Ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilish, fikr bildirish va intervyu berish ishingizning bir qismi hisoblanadi.
Futbol — muxlislar uchun va unda mehnat qilayotgan har qanday inson nafaqat televideniye va radio, balki gazetalar, internet saytlari orqali ham chiqish qilib turishlari shart. Majburlar! Faqat shundagina futbolni rivojlantirish mumkin. Ba’zan “Futbol sharhi” ko‘rsatuviga taklif qilingan kishilardan rad javobini olamiz. Bu noto‘g‘ri, axir. Ha, qo‘ng‘iroq qilganimizda “Albatta, ko‘rsatuvda qatnashaman. Chunki bu — ishimning bir qismidir”, — deydiganlar ham bor. Ammo juda kam. Aksariyat futbolchi va murabbiylarda tortinish hissi kuchli.
Men sharhlovchilar orasida bevosita sport sohasidan yetishib chiqqanlar ko‘payishini istardim. Masalan, Yevropada bundaylar juda ko‘p. Bizda esa barmoq bilan sanarli. Yo‘q emas, bor, ammo juda kam. Masalan, Akram Toshxo‘jayev shaxmat bilan shug‘ullangan, Rixsitilla Umarov voleybolchi sifatida faoliyat yuritgan, G‘anisher Rahmatullayev tennis sohasi ustasi, bugungi kunda ham murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, o‘zim ham futbolchi bo‘lganman. Ammo bu yetarli emas. Istardimki, sharhlovchilik sohasida sportchilarning o‘rni oshsa...
Og‘riq nuqta – Oliy liga
- “Sport” telekanalidagi asosiy muammolardan yana biri — oliy liga o‘yinlari translyatsiyasi. Poytaxtdagi o‘yinlarda bunday muammo yo‘q, ammo viloyatlarda...
- Darhaqiqat, biz uchun juda og‘riqli muammoni ko‘tardingiz. Telekanalimizdagi eng asosiy kamchilik — oliy liga o‘yinlari translyatsiyasi ekanini yaxshi bilamiz. Translyatsiyalar ko‘lami poytaxtdagi o‘yinlar bilan cheklanib qolayotgani, viloyatlarda bo‘ladigan futbolni yoritishdagi muammolar — bizning eng og‘riqli nuqtamiz. Hozirda bu muammoni hal qilishda bir qator ishlar boshlab yuborilgan. Yevropadagi kuchli birinchiliklar translyatsiyasi kamayib qolgan bir vaqtda oliy liga o‘yinlarini to‘liq yoritish zaruriyati oshishini tushunib turibmiz.
Bu borada O‘FF bilan hamkorlikni yanada yaxshiroq yo‘lga qo‘yishga intilmoqdamiz. Xususan, oliy liga klublari qoshida kichik ko‘chma televizion stansiyalar tashkil etishni taklif etdik. O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov bu taklifni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, boshqa chora-tadbirlar ham qo‘llanilyapti. MTRK rahbariyati bu masalaga jiddiy e’tibor qaratgan va oliy liga o‘yinlari translyatsiyasini to‘liq namoyish etish talabini qo‘ymoqda.
Ikkinchi davradan e’tiboran translyatsiyalar sonini oshirish rejalashtirilgan. Markaziy uchrashuvlarning barchasi “Sport” orqali namoyish qilinadi. Nafaqat poytaxt, balki Qarshi, Buxoro, Navoiy, Namangan va Olmaliq kabi shaharlarda bo‘ladigan o‘yinlar translyatsiyasi rejaga kiritilgan. Viloyatlardagi o‘yinlar hech bo‘lmasa, yozib olingan holda namoyish etiladi. Bu — ikkinchi davrada amalga oshirishi ko‘zda tutilgan rejalar. Nasib qilsa, 2015-yilgi mavsumdan e’tiboran oliy liga uchrashuvlari translyatsiyasi ko‘payishi aniq. Xudoga shukr, hozirda stadionlarimiz holati ancha yaxshi. Ilgari erta bahorda Olmaliq, Muborak, Namangan, Buxoro, Samarqanddagi o‘yinlarni translyatsiya qilish imkonsiz edi. Maysa deyarli yo‘qligi bois, maydon ancha ko‘rimsiz bo‘lardi. Hozir bu muammo deyarli qolmagan, yam-yashil maydondan translyatsiya tashkil qilish esa ancha yoqimli.
Shuningdek, stadionlarga muxlislar tashrifi borasida ham muammolar yetarli. Bo‘sh tribunalar qarshisida o‘tkaziladigan o‘yinlar translyatsiyasi ancha ko‘rimsiz chiqadi. Yevropadagi translyatsiyalar sifatini oshirib beradigan jihat ham muxlislar shovqini hisoblanadi. Televideniye tilida bu “intershum”, deb ataladi. Faqat futbolchi va murabbiylar ovozi eshitilib turadigan translyatsiya sifati past bo‘ladi. Shu sababli klublarimizdan iltimos qilardik, muxlislar tashrifini oshirish borasida ko‘proq ishlasalar. Hozirda bu borada “Paxtakor” qo‘llayotgan chora-tadbirlar ancha salmoqli. Buning uchun jamoa menejeri Samvel Babayanga rahmat. Boshqa jamoalar ham “Paxtakor”dan o‘rnak olsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Izoh (0)