Yevropa Ittifoqi Ukraina voqealari tufayli Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni 8-sentabr kuni kengaytirishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Yevropa kengashi prezidenti Xerman van Rompeyning Yevropa komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozu bilan hamkorlikdagi maktubiga tayanib, “Segodnya” xabar bermoqda.
Maktubga ko‘ra, 3-sentabr kuni Yevrokomissiya va Yevropa tashqi siyosiy faoliyati xizmati Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlarning doimiy vakillari qo‘mitasiga kapital bozori, mudofaa sohasi, ikki maqsadda ishlatiladigan mahsulotlar va ta’sirchan texnologiyalar kirishiga taalluqli kuchaytirilgan choralarni taqdim etdi.
Bundan tashqari, qora ro‘yxatdan joy olgan jismoniy shaxslar miqdori ham ko‘paytirilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, Donbass va Qrim hukumatlari vakillari, rossiyalik bir qator mansabdor shaxslar va tadbirkorlarga qarshi sanksiya joriy etiladi.
“Yangi sanksiyalar Rossiyaning Ukraina barqarorligini buzish borasidagi harakatlariga qarshi qaratilgan”, — deyiladi maktubda.
Mazkur sanksiyalarni joriy etish masalasi 8-sentabr kuni ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi turli sohalarga oid sanksiyalar kiritilishini 31-iyul kuni ma’qullagan edi.
Izoh (0)