Germaniyaning Gessen federal hududidagi Fuld shahrida bank xodimi muassasa mijozining hisobiga adashib katta mablag‘ o‘tkazib yubordi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Bild gazetasining ma’lum qilishicha, 22 yoshli qizning hisob raqamiga 3,7 million yevro o‘tkazilgan. Qiz tushirilgan bunday katta mablag‘ haqida hisobidan ko‘chirma chiqartirganda xabar topgan.
Ish kuni so‘ngida qattiq charchagan bank xodimi mijoz hisobiga pul o‘tkazilayotganda, mablag‘ summasini kiritish kerak bo‘lgan joyga yetti xonali son yozgan. Bankdan xabar berilganidek, oradan 30 soniya o‘tib, mazkur pul o‘tkazma bekor qilingan.
Moliya muassasasi xodimining pulni xatolik bilan o‘tkazgani uchun qiz bu pullarni o‘zida olib qola olmasdi. Huquqshunos Andreas Langning so‘zlariga ko‘ra, “xatolik bank xodimlari tomonidan aniqlanmay, mijoz tushirilgan mablag‘ni hisobidan yechib olgan yoki boshqa hisob raqamiga o‘tkazishga ulgurganida ham qonun bo‘yicha ularni qaytarishga majbur bo‘lar edi”.
Izoh (0)